Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda 1-iyuldan boshlab o‘zbekistonliklar xonandalar YouTube videoxizmatiga o‘z kliplarini joylashtirish uchun “O‘zbekkonsert” (sobiq “O‘zbeknavo”) davlat muassasasidan ruxsat olishi zarurligi haqida xabarlar tarqaldi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida jurnalist Feruz Muhammad davlat muassasasi Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Odiljon Abduqahhorov bilan bog‘landi.
— Xonandalar endi o‘z videomahsulotlarini YouTube’ga joylashtirish uchun ham “O‘zbekkonsert”dan ruxsat olishi kerakmi?
— San’atkorlarning litsenziya bitimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xonanda klip chiqardimi yoki klip chiqarmoqchimi — muassasa qoshida tashkil qilingan kengashdan o‘tadi va kengash xulosasiga asosan uning klipi teleekranlarda va YouTube tarmog‘ida e’lon qilinaveradi. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikning oldini oladi.
— Tushunishimcha, xonandalarni ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan masala o‘z yechimini topibdi, ya’ni endi xonanda biror klipini efirga bermoqchi bo‘lsa, har bitta telekanaldan alohida ruxsat olmaydi — yagona badiiy kengash bor, shundaymi?
— Yo‘q, bu yagona badiiy kengash emas. Ko‘pgina holatlarda xonandalar tomonidan efirga berilgan kliplarning saviyasizligi, bachkanaligi va ma’naviyatimizga xizmat qilmagani sabab “O‘zbekkonsert” tomonidan efirdan olingan. Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan ma’qul, degan naqlga amal qilib, endi YouTube yo telekanallarga chiqariladigan klip badiiy kengashdan o‘tishi kerak. Bu xonanda uchun yengillik tug‘diradi — vaqt, mablag‘ sarflab klip olgandan keyin, uning klipi efirdan va YouTube’dan olib tashlash holatlari bo‘lmaydi.
— Demak, hozircha yagona badiiy kengash tuzilmagan va bu masalada “O‘zbekkonsert” telekanallar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymagan?
— Yagona badiiy kengash tuzilganicha yo‘q. Ammo bu yo‘lda harakatlar ketmoqda. O‘ylashimcha, bu telekanallarimiz uchun ham yaxshi bo‘ladi. Ular ortiqcha vaqt sarflab, har bir xonandaning klipini alohida ko‘rib chiqishdan xalos bo‘ladi. Kengashning o‘zidayoq klip qaysi telekanalga berilishi mumkinligi haqida tavsiyalar taqdim etilishi ham mumkin.
— U holda, “O‘zbekkonsert”ning yangi tartibi faqat YouTube uchun amal qilar ekanda?
— Bu yerda gap kliplarning umuman efirga chiqishi haqida bormoqda. Badiiy kengashning xulosasidan so‘ng, xonanda klipini televideniyega olib boradimi yoki YouTube’ga joylaydimi — o‘ziga havola.
— “O‘zbekkonsert”ning badiiy kengashidan o‘tgan klipga telekanallar ruxsat bermasa, xonanda nima qiladi?
— Har bir telekanalning o‘z yo‘nalishi, formati bor. “O‘zbekkonsert”ning badiiy kengashidan o‘tgan kliplar, umid qilamanki, telekanallarning badiiy kengashidan ham o‘tadi. Chunki bizning badiiy kengashda ham zamonaviy, ham milliy jihatlarni juda yaxshi tushunadigan, tosh-tarozini teng olib boradigan a’zolar bor.
— Ma’lumotlarga ko‘ra, “O‘zbekkonsert” bachkana va sayoz deb topgan qo‘shiqlarni telekanal efirlaridan olib tashlash masalasida telekanallarga murojaat qilgan. Bunda gap Dilfuza Hayitmetovaning, Sardor Mamadaliyevning “Mamatip”, Otabek Mutalxo‘jayevning “Bombey” qo‘shiqlariga ishlangan kliplar haqida bormoqda. Bu kliplar endi YouTube’dan ham olib tashlanadimi?
— 1-iyuldan keyin “O‘zbekkonsert”ning badiiy kengashidan o‘tmay telekanallarga berilgan va YouTube’ga chiqarilgan kliplar to‘xtatiladi. Siz sanab o‘tgan kliplar faqatgina telekanallar efiridan olindi. YouTube’dan olinmaganini sababi — o‘sha vaqtda hali bunaqa tartib yo‘q edi. Yangi tartib, ta’kidlaganimdek, 1-iyuldan kuchga kiradi.