Joriy yilning 18-22-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Tojikiston Respublikasining tog‘li hududlarida o‘tkaziladigan aksilterror qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashadi. Bu haqda «Korrespondent.uz»ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
5 kun davomida Tojikistonning So‘g‘d viloyatida bo‘lib o‘tadigan ushbu mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli bo‘linmalar va tezkor guruhlardan iborat yuz nafarga yaqin harbiylar, Tojikiston Respublikasining harbiy boshqarma organlari, shuningdek, So‘g‘d garnizoni bo‘linmalari va harbiy qismlari harbiylari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Jami ikki mamlakatdan 600 nafarga yaqin harbiylar hamkorlikda shartli dushman kuchlarini yo‘q qilish bo‘yicha tog‘li og‘ir sharoitlardagi mashg‘ulotlarda qatnashadi.
Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari Tojikistonning “Chorrux-Dayron” o‘quv markazi va “Nurafshon” poligonida o‘tkaziladi.
Kecha, 16-sentyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamkorlikdagi aksilterror mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Tojikistonga yetib borishdi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning avgust oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo O‘zbekison mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov bilan uchrashuvi davomida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mintaqadagi eng kuchli va zamonaviy qurol-aslahalarga, O‘zbekiston armiyasining harbiy xizmatchilari jangovar o‘quv mashg‘ulotlari borasida yaxshi bazaga ega ekanligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Sherali Mirzo o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarini murakkab sharoitda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etishga va armiya jamoalari o‘rtasida sport hamda madaniy tadbirlarni o‘tkazishga taklif bildirgandi.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikki mamlakat mudofaa idoralari rahbarlari 2018-yilga o‘zaro harbiy hamkorlik rejasini ham imzolagani haqida xabar berilgandi.