«ArMI—2018» IV Xalqaro armiya o‘yinlari ochilishida ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Bu haqda «Korrespondent O‘zbekiston»ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Moskva viloyatidagi «Alabino» poligonida Rossiya, Xitoy, Eron, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston va Armanistondan kelgan harbiy oshpazlar tomonidan tayyorlangan taomlarni hakamlar hay’ati baholadi. Shuningdek, mazkur taomlardan tashrif buyurgan barcha mehmonlar tatib ko‘rdi.
«O‘zbekistonlik harbiy oshpazlar master-klass jarayonida 30 kilogramm osh, sho‘rva, tandirda tovuq va go‘sht pishirdi. O‘zbekistondan olib borilgan qovun-tarvuzlar va sarxil mevalar dasturxonga tortildi. Taomlarimiz barchaga birdek manzur bo‘ldi. Oshga ulgurmaganlar kechgacha osh bormikan deb so‘rab kelishdi», — deydi musobaqalarni yoritish uchun borgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi maxsus vakili.
Harbiy oshpazlarning mahoratini Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham yuqori baholadi. «Juda mazali, rahmat!», — deydi taomlardan tatib ko‘rgan Shoygu.
Tashkilotchilarning so‘zlariga qaraganda, ushbu bellashuvga 5 mingdan ziyod tomoshabin tashrif buyurgan. Shundan so‘ng musobaqaning «Tank biatloni» yo‘nalishiga start berilgan. Ta’kidlanishicha, kun davomida «Alabino» poligoniga 40 ming nafardan ortiq tomoshabin kelgan.