O‘zbekistonlik 3 nafar o‘quvchi Ruminiyadagi xalqaro matematika olimpiadasidan chetlashtirildi

Joriy yilning 3-14-iyul kunlari Ruminiyaning Kluj-Napoka shahrida o‘tkazilgan Xalqaro matematika olimpiadasida (International Mathematical Olympiad, IMO) O‘zbekiston jamoasidan 3 nafar o‘quvchi qalloblikda gumonlanib, olimpiadadan chetlashtirildi. Bu haqda UZ24 xabar bermoqda.

Foto: IMO

Hozirgacha bunday vaziyat faqat ikki marta, 1991 va 2010-yillarda Shimoliy Koreya jamoasi bilan sodir bo‘lgan.

IMO 1959-yildan buyon (1980-yildan tashqari) har yili o‘tkazilib kelinadi va o‘quvchilar o‘rtasidagi barcha matematika olimpiadalari ichida eng obro‘lisi hisoblanadi. O‘zbekiston terma jamoasi 1997-yildan 2008-yilgacha (2003-yildan tashqari) Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egallab kelgan. 2011-yildan boshlab esa 4–5-o‘rinlarga tushib ketgan. Oxirgi uch yil ichidagi umumjamoa hisobida 110 davlat orasida o‘rtacha 77, 74, 86-o‘rinlarni egallab kelinmoqda.

Bu yil rasmiy natijalar chiqishidan avvalroq tablodagi umumiy natijalar rasmga olinib, internetda tarqaldi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda kamida 2 ta kumush medali bo‘lishi kerak edi.

Sal o‘tmay, rasmiy natijalar IMO saytiga joylashtirildi. Unda esa butunlay boshqa vaziyat — faqat 2 ta faxriy yorliq bilan chegaralanilgan va 6 o‘quvchidan 3 nafari umuman ko‘rsatilmaganini ko‘rish mumkin.

IMO prezidenti Joff Smit o‘z bayonotida bu yilgi olimpiadada O‘zbekiston jamoasi bilan aynan nima bo‘lgani haqida to‘xtalib, xususan, shunday dedi:

—IMO 2018’ da masala kapitani qiyin masalani bitta davlatdan (O‘zbekiston) bo‘lgan uchta qatnashchi bir-biriga judayam o‘xshash yo‘l bilan yechganligi va bunda ehtimoliy qonun buzilishi bo‘lganligi haqida xabar berdi. Axloq (etika) qo‘mitasi vakillari va IMO kengashidan saylangan a’zolar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilib hamda shu davlat terma jamoasi yetakchisi bilan muhokamalar olib borilib, IMO hakamlar hay’atiga tavsiya berildi.

Hay’at muammodan kelib chiqib, o‘quvchilar yechimlarini va aloqador hisob-kitoblarini o‘rganib chiqdi. Jamoa yetakchisi yechimdagi o‘xshashliklarni (chizmalar, metodlar, trigonometriya va masalaning yechilish tartibi) o‘quvchilar bitta maktabda o‘qiganligi va bitta o‘qituvchidan dars olganligi bilan izohladi.

Hay’at bunga ishonmadi va ko‘pchilik ovoz bilan uchchala yechim ham noqonuniy manbaga tayanadi deb topdi. Jamoaning boshqa qatnashchilari va yetakchilari tomonidan qonun buzilishiga aloqadorlik bo‘yicha hech qanday dalil bo‘lmagani uchun ularga nisbatan chora ko‘rilmadi. IMO 2018’ dan ushbu qatnashchilarni chetlashtirishga qaror qilindi va ular olimpiadada umuman qatnashmagan deb topilganligiga asoslangan holda oxirgi natijalar tahlil qilindi va medallar taqsimlandi.

Hozircha O‘zbekiston jamoasi yetakchisi Shuhrat Ismoilov yoki boshqa qatnashchilar tomonidan ushbu holat yuzasidan hech qanday rasmiy bayonot berilmadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog