O‘zbekistondan Facebook va YouTube’ga kirishdagi muammolarning sababi ma’lum qilindi

O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov «Gazeta.uz» nashriga Facebook va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube videoxostingiga kirishdagi uzilishlarning ehtimoliy sabablarini ma’lum qildi.

Foto: The Telegraph

Uning so‘zlariga ko‘ra, texnik uzilishlar tashqi internet kanali sig‘imini oshirish uchun yangi uskunalarning o‘rnatilayotgani sababli yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin. AKT vazirligi loyihani noyabr oxiriga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda.

«Biz tashqi internet kanalini oshirish (10 barobarga — tahr.) bo‘yicha loyihani yakunlaymiz. O‘ylaymanki, noyabr oxirigacha fuqarolarimiz samarasini his etishadi… Hozirda zarur apgreyd uchun butun boshli yangi uskunalarni sotib olmoqdamiz. Texnik uzilishlar test o‘tkazish, aprobatsiya, [uskunalarni] sozlash ishlari sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin», — dedi Olimjon Umarov 18-oktabr kuni Rossiya va O‘zbekiston Hududlararo hamkorlik forumi maydonchasida.

«Xalqaro internet kanallariga chiqishni ta’minlovchi telekommunikatsiya infratuzilmalarini modernizatsiya qilish talab etilmoqda. Biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, oldimizda yanada o‘sish vazifasi turibdi. Biz raqamli iqtisodiyot, uning asosiy resursi — raqamli ma’lumotlarni muhokama qildik. Agarda munosib telekommunikatsiya infratuzilmalari, yuqori tezlikdagi internet bo‘lmasa, ushbu barcha qayta o‘zgartishlarning sariq chaqalik ahamiyati qolmaydi — bularning barchasi qog‘ozlarda qoladi», — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

O‘zbekistonda oktabr oyi boshidan YouTube videoxostingiga kirishda muammolar yuzaga kela boshladi. Unga qadar Facebook ijtimoiy tarmog‘iga ulanishda qiyinchiliklar kuzatilgan edi. «VKontakte» foydalanuvchilarida esa bir oycha muqaddam mediakontentni ochish va tomosha qilishda muammolarga uchramoqda.

Fikr bildirish

Latest from Blog