Hisoblarga ko‘ra, taqsimlovchi tarmoqlarni xususiy sheriklik asosida investorlar tasarrufiga o‘tkazish ularni modernizatsiya qilish uchun 4 milliard dollar jalb etishga imkon beradi.
O‘zbekistonda xususiy operatorlar hududlardagi elektr tarmoqlarini boshqarishga jalb qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida energetika sohasini transformatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z bordi, deya xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, sohani zamonaviy talablar darajasiga moslashtirish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash alohida kompaniyalarga ajratilib, investitsiyalarni jalb qilish imkoniyati yaratildi. So‘nggi besh yilda elektr energiyasini ishlab chiqarishga 4,3 milliard dollar investitsiya kiritildi, bu esa qo‘shimcha 5,7 gigavatt quvvat yaratishga imkon berdi.
To‘rtta korxona — “O‘zbek milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari” va “O‘zbekgidroenergo” — xalqaro kredit reytinglariga ega bo‘ldi. Keyingi qadam — ularni transformatsiya qilish orqali raqobatbardosh kompaniyalarga aylantirishdir. Bu iste’molchilarga elektr energiyasini kafolatli yetkazib berish va mustaqil ravishda investitsiya jalb qilish imkonini beradi.
Shuningdek, har bir energetika korxonasining asosiy vazifasi tannarxni pasaytirish ekanligi ta’kidlandi. Bunga loyihalarni optimallashtirish, yo‘qotishlarni kamaytirish va xaridlarni takomillashtirish orqali erishish mumkin.
“Hisoblarga ko‘ra, taqsimlovchi tarmoqlarni xususiy sheriklik asosida investorlar tasarrufiga o‘tkazish ularni modernizatsiya qilish uchun 4 milliard dollar jalb etishga imkon beradi. Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida xususiy operatorlarni tarmoqlarni boshqarishga jalb qilish rejalashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Davlat rahbari soha korxonalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish va ularda raqobatbardosh energetika bozorini yaratish konsepsiyasi doirasida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Keyingi yil energetika korxonalari uchun resurslardan oqilona foydalanish va samaradorlik yili sifatida belgilandi. Sohaning barcha darajalaridagi korxonalar faoliyatini transformatsiya qilish va raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.
Mas’ul shaxslar mazkur korxonalarda xarajatlarni samarali boshqarish rejalari haqida ma’lumot berdi.