Uyda o‘z ishini yuritayotan ayollarga mehnat daftarchasi ochiladi. Bu haqida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb yozmoqda O‘zA.
Anjumanda 59 ming ayol og‘ir sharoitda kun kechirayotgani, ularni uy-joy, ishsizlik kabi muammolar qiynab kelayotgani ta’kidlandi.
‒ Endilikda uyda o‘tirib mehnat qilayotgan ayollar ham qonuniy mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin. Hech qaysi davlatda bunday imtiyoz yo‘q. Misol uchun, uyda 20-30 ta tovuq boqib, yoki tomorqasida mehnat qilayotgan ayollarga ham mehnat daftarchasi ochish mumkin. Ular uchun 4-7 foizli kreditlar berilmoqda. Yaqinda tizimimizda 11-46 raqamli yagona ishonch telefoni ishga tushiriladi. Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan, kimdir zo‘rlik, zo‘ravonlik o‘tkazayotgan, hayotida qiynalayotgan ayollar mazkur raqamga telefon qilishi mumkin. Ularga malakali mutaxassislar tomonidan yordam beriladi, murojaatlar muallifi sir saqlanishi kafolatlanadi, ― dedi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva.