O‘zbekistonga keluvchi sayyohlarga jamoat joylarida suratga olish ishlarini olib borishga ruxsat etiladi. Bu “Kirish turizmini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatning to‘qqizinchi bandiga muvofiq, turistlarga jamoat joylarini, bino va inshootlarni suratga olishga ruxsat etiladi. Qonunlarda ko‘zda tutilgan tartibda tuzilgan obyektlar ro‘yxati bundan mustasno.
Bundan tashqari, chet tilida (ingliz, rus va boshqa tillarda) peshlavha va ko‘rsatkichlar o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ushbu peshlavhalarda o‘z tovar va xizmatlari haqida reklama ma’lumotlarini joylashtirish huquqi taqdim etiladi. Bunda joylashtiriladigan axborot peshlavha yoki ko‘rsatkich maydonining 40 foizidan ko‘pini egallamasligi lozim.