O‘zbekistonda so‘nggi yillarda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi, tarbiyachi va pedagoglar soni 160 mingga yetdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasi ochilishida nutq aytib o’tdi.
Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.
Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda. O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas. Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda, — deydi prezident.
Davlat rahbari bugungi anjuman ham bolalar ta’limi masalasida barcha bir bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishiga xizmat qiladi, deb ishonishini aytdi.
Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor. Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir. Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarda zamonaviy texnolo-giyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi. Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan, — deya qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat budjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlanganini eslab o‘tdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi. Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.