O‘zbekistonda o‘qituvchi va tarbiyachilarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev Telegram kanalida ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, deputat ta‘lim tizimi xodimlarining bepul tibbiy ko‘rigi masalasida 4 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov bilan muloqotda bo‘lgan. Qonunda ushbu tizim xodimlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik bepul ekanligi ko‘rsatilishiga qaramay turli sabablar bilan qonun talabi bajarilmay, xodimlar o‘z hisobidan tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelgani ta‘kidlangan.
Kusherbaev shu masalada Sog‘liqni saqlash vaziri, xalq ta‘limi vaziri, Moliya vaziri, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri nomiga deputatlik so‘rovini ham kiritgan.
Shuningdek, muloqotda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari biz ko‘targan ushbu masala o‘rganilgani va asosli ekanligini inobatga olib, zudlik bilan viloyatlardagi Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va tibbiy markazlarga xalq ta‘limi hamda Maktabgacha ta‘lim boshqarmasi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va tarbiyachilarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berilganini bildirgan.
Shu bilan birga, moliyaviy masalalarni hal etish haqida Vazirlar Mahkamasi tomonidan Moliya vazirligiga tegishli topshiriq ham berilgan. “Endi o‘qituvchi va tarbiyachilarni tezroq bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishga chaqiramiz”, — dedi Rasul Kusherbaev.