Prezident sudyalarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ixtisoslashgan o‘quv muassasasi – Odil sudlov akademiyasini tashkil etishni taklif etdi.
Foto: Facebook / Shavkat Mirziyoyev
13-iyun kuni Toshkent shahrida sud organlari tizimida odil sudlovni ta’minlash borasidagi ishlarning ahvoli, muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda sudyalarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Prezident sudyalarni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ixtisoslashgan o‘quv muassasasi – Odil sudlov akademiyasini tashkil etishni taklif etdi. Bildirilgan taklif yig‘ilish qatnashchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bu boradagi ishlarni mahalla, korxona va tashkilotlarda sayyor sud majlislarida ko‘rish ko‘lamini kengaytirish, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, jumladan, elektron sud stenografiyasi, videokonferentsaloqani keng joriy etish, sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlovchi idoralararo elektron ma’lumot almashish tizimini shakllantirish, odil sudlovni amalga oshirish jarayonini doimiy o‘rganib, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish masalalari ham muhokama qilinib, ularning har biri bo‘yicha aniq tavsiya va amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik bugungi kunda davlat boshqaruvi organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha insonlar qatori sudyalar faoliyatining ham kundalik qoidasi bo‘lib qolishi zarurligini alohida ta’kidladi.