Joriy yilning oxirigacha O‘zbekistonda uyali aloqa operatorlarini hamda internet-provayderlarni o‘z xizmatlarini milliy valyutada narxlashga o‘tkazish bo‘yicha qaror ishlab chiqiladi. Bu haqda Usenet 2017 konferentsiyasi doirasidagi davra stolida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Umidjon A’lamov ma’lum qildi, deb yozadi Uz24.
Ma’lum bo‘lishicha, bunga iste’molchilardan, jumladan, korporativ mijozlardan xizmatlarning AQSh dollarida narxlanishi bilan bog‘liq noqulayliklar yuzasidan kelib tushgan ko‘plab shikoyatlar sabab bo‘lgan.
«O‘tish jarayoni o‘zi katta mablag‘larni talab qiladi, bu arzonga tushadigan tadbir emas, – deya ta’kidlagan A’lamov. – Biroq, Harakatlar strategiyasiga ko‘ra, milliy valyutada narxlashga hamma o‘tadi: mobil operatorlar ham, internet-provayderlar ham. Qaror shu yilning oxirigacha ishlab chiqiladi va keyingi yil amalga oshira boshlanadi».