Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) tomonidan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va uning quyi tizimlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 1044 ta holatda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, 815 ta holatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq qonunchilik talablari buzilgan. Hududlar kesimida:
- Jizzax viloyati (660 ta);
- Sirdaryo viloyati (28 ta);
- Andijon viloyati (27 ta);
- Farg‘ona viloyati (20 ta);
- Samarqand viloyati (10 ta);
- Toshkent viloyati (8 ta);
- Buxoro viloyati (7 ta);
- xorazm viloyati (3 ta);
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi (52 ta) xodimlari tomonidan bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqishda 198 ta holatda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bundan tashqari, 31 ta holatda tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonunchilik talablari va belgilangan muddatlarga amal qilinmagan.
Qayd etilgan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 142 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olish hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan taqdimnoma kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida biznes-ombudsman va uning devoni xodimlariga maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish hamda jarima solish huquqi berilgandi.