O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Qayd etilishicha, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va sa’y-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgiladi. Ushbu yangi vaksinani ZF-UZ-VAC 2001 nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va foydalanishga kelishilgani bildirildi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, 2021-yil 1-mart kuni ZF-UZ-VAC 2001 koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) vaksina tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, dori-darmonlar qatorida vaksinalar ham tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston ushbu vaksinani ishlab chiqarishda Xitoy kompaniyasi bilan hammuallif hisoblanadi. Xitoy kompaniyasi mazkur vaksinani hamkorlikda ishlab chiqarish uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan bir qator farmatsevtika korxonalari faoliyatini o‘rganib, laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasini tanlagan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qilishicha, agar maxsus komissiya bunga ruxsat bersa, Xitoy vaksinasi hamkor sifatida O‘zbekistonga imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi.
Vaksina koronavirusning “britancha” va “afrikacha” shtammlariga qarshi Moderna vaksinasidan olti barobarga yaxshiroq bo‘lib chiqqani ma’lum qilingan.
Hozirda O‘zbekistonda ushbu vaksina sinovlari davom etmoqda. 5-fevral holatiga ko‘ra emlanganlar soni 6484 kishiga yetgan. Shuningdek, 2-doza bilan emlanganlar 1000 nafardan oshgan. Vaksina qabul qilganlar orasida 5 nafar shaxsda birinchi darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) kuzatilgan.