Prezidentning 26-yanvardagi farmoniga muvofiq, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga faqat 11-sinf bitiruvchilari qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan edi. Ta’lim muassasalarining o‘zlari vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar balansiga beriladi.

Yangi qarorda kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari belgilab qo‘yildi.

Vazirliklar va idoralarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:

  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tushadigan mablag‘lar;
  • vazirliklar va idoralarning ushbu maqsadlarga xarajatlar smetasida har yili nazarda tutiladigan budjet mablag‘lari va budjetdan tashqari mablag‘lari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari belgilandi.

Xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:

  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tushadigan mablag‘lar;
  • xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning mablag‘lari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari belgilandi.

Ko‘p tarmoqli kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib — mutaxassislarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish va qayta tayyorlash uchun ota-onalar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarining mablag‘lari belgilandi.

Kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar kasb-hunar (ko‘p tarmoqli) kollejlarida, ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bepul asosda o‘qitiladi.

Moliya vazirligi har yili kasb-hunar kollejlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarini belgilaydi.

Kasb-hunar kollejlarida davlat granti asosida ta’lim olgan bitiruvchilar hududlarda kamida uch yil ishlab beradi.