Internet tezligi 8−10 barobar oshadi, deb yozadi O‘zA.
Xabarga ko‘ra, 2018−2021 yillarda “elektron hukumat»ni rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqiladi. Xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanligi 8−10 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, magistral telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish maqsadida mamlakat bo‘ylab 2 ming kilometrlik optik tolali aloqa tarmoqlari tortiladi.
“Joriy yilning dastlabki yarmida yurtimiz bo‘ylab 690 kilometr optik tolali aloqa tarmoqlari yotqizildi. Mobil operatorlarning mingdan ziyod baza stansiyalari o‘rnatildi. Ularning 483 tasi 3G hamda 4G LTE texnologiyasida xizmat ko‘rsatadi. Ayni kunda yurtimiz bo‘ylab 24,5 ming kilometr optik tolali aloqa tarmoqlari o‘tkazilgan, qariyb 21 ming baza stansiya o‘rnatilgan”, deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul xodimi Elbek Dolimov.
Sohada xizmat ko‘rsatish ko‘lami o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 118,9 foizga oshgan.
Xalqaro internet kanallariga ulanish tezligi sekundiga 140,034 Gbit.ga yetgan, ya’ni, 2018 yilning boshiga nisbatan 1,5 barobar oshgan.