O‘zbekistonda birinchi marta aholiga aksiyalar ommaviy taqdimi o‘tkaziladi

Aholida “Kvarts”, “Shahrisabz sharob-aroq” va “Qo‘qon mexanika zavodi” aktsiyalarini sotib olish imkoniyati tug‘ildi. IPO va SPO usullari bilan aksiyalarning ommaviy taklif etilishi O‘zbekistonda birinchi bor o‘tkazilmoqda, deya xabar qilmoqda Kommersant.uz.

Foto: Kommersant.uz

O‘zbekistonda IPO va SPO usullari bilan aksiyalarning ommaviy taklif etilishi birinchi bor o‘tkazilmoqda. Pilot loyihalar sifatida “Kvarts”, “Shahrisabz sharob-aroq” va “Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatlari aktsiyalari tanlandi. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasi xabar beradi.

“Kvarts” va “Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyalarini Milliy bank sotmoqda, “Shahrisabz sharob-aroq” AJ aksiyalari sotuvining tashkilotchisi esa “Asakabank” bo‘ldi.

“Kvarts” AJ kuzatuv kengashi qaroriga muvofiq, IPO usuli orqali aholiga ommaviy taklif etish uchun 4,57 mln dona aksiyalar chiqarildi, bu jamiyat ustav kapitalining 10 foiziga teng bo‘ldi.

5-dekabrda investitsiyaviy vositachilar “Kvarts” AJ aksiyalarini xarid qilish uchun buyurtmalar to‘plashni boshladilar, bu jarayon 2018-yil 3-aprelgacha davom etadi. Avvalroq aksiyalar sotilish narxi diapazoni 3000 so‘mdan 9100 so‘mgacha qilib belgilangan edi. Nominal qiymat bo‘yicha jami chiqariladigan aksiyalar summasi 7,84 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

“Aksiyalar investorlar uchun ham, jamiyat aktsiyadorlari uchun ham manfaatli bo‘lishi lozimligi oydin masala. “Kvarts” AJ 1975-yildan buyon foaliyat yuritadi va ishlab chiqarishning turli tarmoqlari uchun oyna mahsulotlari chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 2016-yilda 56,18 mlrd so‘m sof foyda olgan, uning 28,09 mlrd so‘mi dividendlarni to‘lashga yo‘naltirilgan. Bunda bir aksiya uchun hisoblangan dividend miqdori 1172,3 so‘m yoki aksiya nominal qiymatining 68,36%ini tashkil qildi, bu aksiyaning anchayin likvidli bo‘lishini ta’minlaydi”,– qayd etiladi qo‘mita xabarida.

SPO usulida ommaviy sotuvga chiqarilayotgan “Shahrisabz sharob-aroq” va “Qo‘qon mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati aksiyalari egasi, tegishlicha Davlat raqobat qo‘mitasi va “O‘zneftgazmash” AJ timsolida, davlat sanaladi. Bu jamiyatlar ham yuqori rentabelli bo‘lib, o‘z tarmoqlarining yetakchilaridan sanaladi. Shu sababli, ular aksiyalari ham juda talabgir bo‘lishi kutilmoqda.

Kompaniyalar aksiyalarini xarid qilish uchun istalgan shaxs, qimmatli qog‘ozlar bozorining investitsion vositachi litsenziyasiga ega har qanday professional ishtirokchisi, shuningdek fond bozorida xizmatlar taqdim etuvchi tijorat banki va sug‘urtachi orqali, xaridga buyurtma berishi mumkin. Investitsion vositachilar to‘g‘risidagi axborot Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va “Toshkent” respublika fond birjasi veb-saytlarida joylashtirilgan.

IPO (Initial Public Offering) – cheklanmagan doiradagi investorlar uchun aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini ommaviy joylashtiruvi taomili. SPO (Secondary Public Offering) – amalda mavjud aksiyadorlarga tegishli aksiyalarning ommaviy joylashtiruvi. Ushbu joylashtirish tufayli erkin muomaladagi aksiyalar (free-float) soni ortadi, chunki aksiyalarning umumiy miqdori o‘zgarmaydi, balki aktsiyadorlardan biri o‘z aktsiyalarini cheklanmagan doiradagi investorlarga sotadi.

Latest from Blog