O‘zbekistonda 2018-yilning yanvar—sentabr oylarida 112,6 mingta o‘lim qayd etildi, deya xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi. 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etdi, 2017-yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega kamaydi (2017-yilning yanvar—sentabr oylarida 4,8 promille bo‘lgan).
2018-yilning yanvar—sentabr oylarida vafot etganlarning 60,7 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,5 foizi o‘simtalardan, 6,3 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,5 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,1 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,5 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,4 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.
Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 5,6 ming nafarni tashkil etdi. Ularning 60,8 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 16,6 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 11,7 foizi tug‘ma anomaliyalardan, 2,2 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 2,2 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan, 0,8 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,7 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.