O‘zbekistonda 262 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi

O‘zbekistonda sud tizimida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda. Oliy sudda Harakatlar strategiyasi qabul qilinganligining bir yilligi munosabati bilan tashkil etilgan davra suhbatida bu alohida qayd etildi, deb xabar beradi O‘zA.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Oliy sud raisi K. Komilov va boshqalar Harakatlar strategiyasi asosida sud-huquq tizimida tarixiy o‘zgarishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash orqali fuqarolarning Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalda kafolatli ta’minlashdir.

Birinchi marta Oliy sud ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va viloyatlar hamda Toshkent shahri, tuman va shaharlarda 207 ma’muriy sud tashkil etildi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga qaratilgan 85 iqtisodiy sud faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakat tarixida ilk bor sudya lavozimiga muddatsiz tayinlash amaliyoti joriy qilindi. Yangi tayinlanayotgan sudyalar tegishli hudud jamoatchiligi, mahalla faollari muhokamasidan o‘tkazilmoqda. Fuqarolarning ijobiy fikri mavjud bo‘lgan taqdirdagina sudyalikka nomzodlar lavozimga tayinlanmoqda.

Sud tizimidagi tarixiy o‘zgarishlar natijasida o‘tgan qisqa vaqtda 262 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Elektron sudlov tizimi kengaytirilayotgani aholiga yaratilgan katta qulaylik bo‘lmoqda.

Joriy yilda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida jinoyat ishini ko‘rib chiqishning tezkorligi va samaradorligini oshirish, protsessual hujjatlarni rasmiylashtirishni soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Jinoyatni ro‘yxatga olish va tergov qilishdan to hukmni ijro etishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oluvchi “elektron jinoyat ishi” tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya (ruxsat) berish vakolati prokuraturadan sudga o‘tkaziladi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoyat protsessida jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan yangi mexanizmlar amaliyotga joriy etiladi. Protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan ko‘rsatuvlar, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatma berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Shuningdek, jinoyat haqida yolg‘on xabar va yolg‘on guvohlik berganlik uchun javobgarlik yanada kuchaytiriladi.

Jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish va jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy ta’qib qilish muddatlarini maqbullashtirish rejalashtirilmoqda. Ayrim jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish, javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish muddatlarini qisqartirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab 10 yil muddat o‘tgan bo‘lsa, shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emasligini belgilovchi qoidalar joriy etiladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog