O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol 84 yoshida vafot etdi.
Jamol Kamol 1938-yil 26-aprelida Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1959-yilda Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan.
1970—1972-yillarda Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limida mas’ul kotib, 1972—1986-yillarda Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant va ilmiy xodim bo‘lib ishlagan. 1986—1988-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir, 1991—1996-yillarda Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lib ishlagan.
Lirik she’r tuzilishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan Jamol Kamol 1992-yilda O‘zbekiston xalq shoiri unvonini olgan.
Uning she’rlari rus, ingliz, fransuz, polyak, ukrain, turk, ozarbayjon, tojik va boshqa ko‘plab tillarga tarjima qilingan. Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venetsiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi o‘ndan ortiq jahon adabiyoti namunalarini bevosita ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop ettirgan.