Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyozovning video murojaati e’lon qilindi.
Videoda san’atkor Toshkent viloyatidagi yo‘llardan birida o‘z avtomobili bilan harakatlanayotganda, qisqa vaqt ichida uning mashinasiga ko‘chma multiradar tomonidan bir necha marta jarima yozilgani haqida gapirgan. Ushbu holat yuzasidan viloyat IIB YHXB matbuot xizmati izoh berdi.
Izohda qayd etilishicha, Jenisbek Piyozovga tegishli avtomobil Bo‘stonliq tumani tomon olib boruvchi yo‘lning 45- va 50-kilometrlarida o‘rnatilgan statsionar radarlar orqali tezlikni oshirgani qayd etilgan. Shuningdek, ushbu yo‘lning 24- va 31-kilometrlarida boshqa avtomobillarga o‘rnatilgan ko‘chma radarlar ham qoidabuzarlikni aniqlagan.
Shu sababli belgilangan qonunlarga muvofiq, har bir qoidabuzarlik uchun alohida jarima qo‘llanilgan.
“Hurmatli fuqarolar, shu sababli avtomobil yo‘llarida tezlik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni tavsiya qilamiz. Tezlikni oshirish insonlarning sog‘lig‘i va hayoti uchun xavf tug‘diradi”, — deyiladi xabarda.
O‘z murojaatida Jenisbek Piyozov jarima qo‘llanilgani haqida tuzilgan elektron ma’muriy bayonnomani ko‘rsatdi. Unda san’atkorning soatiga 130 km tezlikda harakatlangani qayd etilgan.