O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga 2011-yil 7-aprelda imzolangan «To‘qimachilik bayonnomasi» 2017-yil 1-iyuldan boshlab kuchga kirdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Foto: UzDaily.com
«Mamlakatimizda to‘qimachilik sohasini rivojlantirishga muhim e’tibor berilayotganini hisobga olgan holda, ushbu hujjatning kuchga kirishi mamlakatimizning eksport salohiyatni oshirishda va milliy to‘qimachilik mahsulotlarimizning Yevropa bozorlariga kirib borishida katta amaliy ahamiyatga ega», — deyiladi xabarda.
Xususan, ushbu hujjat O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida to‘qimachilik mahsulotlari savdosi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishi qayt etilgan.
Bunda tranzit tashishda, Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘llanilayotgan bojxona va soliq to‘lovlariga nisbatan o‘zarolik asosida eng qulay rejimni yo‘lga qo‘yish hamda ushbu turdagi mahsulotlar savdosidagi miqdoriy cheklovlarni olib tashlash nazarda tutiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil dekabr oyi o‘rtalarida Yevropa Parlamenti O‘zbekiston bilan YI o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaga to‘qimachilik protokolini qo‘shishni ratifikatsiya qilgan edi. Yevroparlamentning qayd etishicha, mazkur qaror O‘zbekiston tomonidan Yevropa deputatlarining paxta terimida bolalar kuchidan foydalanmaslik to‘g‘risidagi talabalarini bajarganligi sababli qabul qilingandi.