17-iyul kuni “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Brusselga tashrif buyurgan Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqi Komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha Bosh direktorati rahbari Stefano Manservisi va Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Bosh kotibi Helga Shmidt bilan uchrashdi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra Abdulaziz Komilov va Stefano Manservisi “Bog‘dorchilikni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Moliyaviy bitimni imzolashdi, deb ma’lum qiladi TIV matbuot xizmati.
Imzolangan kundan boshlab kuchga kiruvchi hujjat O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash uchun Yevroittifoq tomonidan 21,5 mln yevro miqdoridagi grant mablag‘lari ajratilishini nazardan tutadi.