O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yuklar tashishda eng tez va qulay yo‘nalishlardan biri ochildi

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati

3-dekabr kun Toshkentga Turkiyadan O‘zbekistonga ilk yuk poyezdi yetib keldi, deb xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati.

2022-yilning noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti prezidentlarining sammiti doirasida yangi transport tranzit koridorlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuv samarasi o‘laroq Toshkentga Turkiyaning Izmir shahridagi “Gumruh” stansiyasidan 40 ta vagondan iborat birinchi yuk poyezdi yetib kelgan.

Qayd etilishicha, ushbu poyezd Turkiya—Eron—Turkmaniston—O‘zbekiston yo‘nalishida dastlabki yuk poyezdi hisoblanadi. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha yana 250 dan ortiq vagon kelishi rejalashtirilgan.

“Ushbu yo‘nalish katta rivojlanish salohiyatiga ega bo‘lib, O‘zbekiston yuklarini xalqaro yo‘nalishlarda tashish uchun qo‘shimcha yo‘nalish hisoblanadi va yurtimiz tadbirkorlari uchun O‘zbekistondan Turkiyaga eksport yuklarini jo‘natishda hamda import yuklarini olib kelishda eng tez va qulay yo‘nalishlardan biridir”, — deyiladi xabarda.

Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar mintaqadagi mavjud transport-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilmasidan samarali foydalanishga, shuningdek, tashqi savdo yuklarini asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga tashish uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi.

Fikr bildirish

Latest from Blog