Bugun, 29-yanvar kuni Tatariston turizm qo‘mitasi raisi Sergey Ivanov ayni paytda mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik jurnalistlardan iborat delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda “Daryo” nashri xabar berdi.
Do‘stona boshlangan uchrashuv davomida Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro turizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Kelajakda istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Tatariston Respublikasi Rossiya o‘lkasida turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan hudud hisoblanadi (Moskva va Sankt-Peterburgdan keyin). Mamlakatga 2017-yilda 3,1 million sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu 20—30 milliard rubl daromad deganidir. Bu ko‘rsatkich Tatariston respublikasi budjetining 1,5-2,0 foizini tashkil etadi.
Uchrashuvda Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi ta’kidlandi. Hozirda bu borada bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Agarda Toshkent — Qozon o‘rtasida poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgudek bo‘lsa, 2600 kilometrlik masofani 1,5—2 kunda bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.