/

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi

Foto: O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati

15-sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin muzokara o‘tkazdilar, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tomonlar keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya sherikligi misli ko‘rilmagan yuksak darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod ko‘paydi, o‘tgan yetti oyda esa o‘zaro savdo 30 foizdan ortiq o‘sdi. Eʼtiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.

Sanoat kooperatsiyasi jadal surʼat bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qo‘shma loyihalar boshlandi.

Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.

Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari bo‘yicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.

002
Foto: O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati

Hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat o‘rtasida 50 ga yaqin tashriflar bo‘ldi.

Tomonlar O‘zbekiston hududlarida qo‘shma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini o‘tkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Prezidentlar tadbirlarga boy va keng ko‘lamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadilar.

Rossiya oliy taʼlim muassasalarining xorijdagi filiallari soni bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinda turadi. So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.

Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan oshdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Samimiy va do‘stona o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadovning maʼlum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Fikr bildirish

Latest from Blog