Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlarini bog‘laydigan yashirin yerosti yo‘llarini aniqladi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, DXXning Andijon va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan 22-yanvar kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda katta miqdordagi chet el valyutalarini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan. Ularning navbatdagi 1 million 641 ming 106 dollarni Qirg‘izistonga noqonuniy chiqarish rejasining oldi olingan.
Bundan tashqari, mazkur tumanning “Birlik” MFYda joylashgan, guruh a’zolaridan yana biriga tegishli xonadon hovlisida esa eni 1 metr kvadrat, chuqurligi 10—12 metr, uzunligi 400—420 metr atrofidagi ikkinchi yerosti yo‘li borligi aniqlangan. Ushbu yerosti yo‘liga qo‘lbola po‘lat izlarda harakatlanuvchi kichik hajmli, elektrodvigatelli aravacha o‘rnatilgan.
2 nafar O‘zbekiston va 6 nafar Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat uyushgan jinoiy guruhga Qirg‘izistonda (1974-yilda) tug‘ilgan shaxs yetakchilik qilgan.
Guruh a’zolari huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmaslik maqsadida, o‘zaro muloqotda shartli so‘zlashuv usulini qo‘llashgan. Ular Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara-bojxona postidan deklaratsiya to‘ldirgan holda katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini mamlakat hududiga olib kirib, so‘ngra pullarni yerosti yo‘li orqali Qirg‘izistonga qaytarib, olib chiqib ketgan. To‘ldirilgan deklaratsiyadan esa Toshkent va Qo‘qon shaharlaridan xorijiy valyutalarni tashishda yo‘llarda kuzatiladigan ehtimoliy tekshiruvlarda foydalanishgan.
Holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida ularning noqonuniy faoliyatlari ashyoviy dalillar asosida o‘z isbotini topgan.
25-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining hukmiga ko‘ra, qonunbuzarlarga nisbatan 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan 5-fevral kuni tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahridagi “Z.M.Bobur” MFYda yashovchi boshqa bir fuqaroning uyida ham qo‘shni davlat hududiga olib o‘tuvchi yashirin yerosti yo‘li borligi aniqlangan.
U ham qirg‘izistonlik shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini ajratib turuvchi Shahrixonsoy kanali ostidan o‘tuvchi, chuqurligi taxminan 16 metr, uzunligi 70 metr bo‘lgan yerosti yo‘li qazib, uni maxsus elektr yoritgich tizimi va kislorod bilan ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlagan.
Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu uchta yerosti yo‘llari orqali katta miqdordagi chet el valyutalari O‘zbekistondan qo‘shni davlatga olib chiqilib, turli xil tovar-moddiy boyliklar mamlakatga olib kirilgan.
Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari doirasida joriy yilning aprel oyida Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari nomiga, aniqlangan uchta yerosti yo‘llarining Qirg‘iziston tomonida joylashgan manzillari va ularning tashkilotchilari to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar yuborilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan.
Keyinchalik, joriy yilning may—iyun oylarida qo‘shni davlat vakillari tomonidan o‘z hududlarida o‘tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu yashirin yer osti yo‘llari faoliyatiga chek qo‘yilgan.