“O‘zbekiston” telekanalida “Muloqot va manfaat” nomli tahliliy ko‘rsatuvda “O‘zavtosanoat” faoliyati tahlil etiladi. Ko‘rsatuv 12-aprel kuni soat 20:05 da efirga uzatiladi. Bu haqda Facebook’dagi “Xalq bilan muloqot” guruhidagi postga tayanib Uz24 xabar qildi.
Ko‘rsatuv davomida “O‘zavtosanoat” faoliyatiga oid quyidagi masalalar tanqidiy ruhda muhokama etilishi kutilmoqda:
– avtomobil sotib olishga shartnoma tuzish navbatining ochiq va oshkora emasligi;
– to‘lovlarni bank plastik kartochkasi orqali amalga oshirish muammo bo‘layotgani;
– avtomobilni shartnomada ko‘rsatilgan muddatda berilmayotgani;
– jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnomalarda iste’molchilar huquqlarini cheklovchi va ishlab chiqaruvchilar manfaatiga xizmat qiluvchi shartlar kiritilganligi;
– yangi avtomobilda bir qator nosozliklar mavjudligi;
– kreditga avtomobil sotib olish qiyinligidan norozilik mazmunidagi murojaatlarni tashkil etadi.
Ko‘rsatuv mehmonlari sifatida GM Uzbekistan AJ bosh direktori v.b. – Rajabov Rustam Baxtiyorovich, kompaniyaning Marketing, savdo va avtoservis bo‘yicha boshqaruvchi direktori – Sultonov Muhiddin Muhammadyusupovich, “O‘zavtotexxizmat” MChJ boshqaruvi raisi – Siddiqov Botirxo‘ja Buvaxo‘jaevich, “Asaka” AT bank departament diretori– Abdurahmonov Behzod Qobiljonovich, “Asaka” AT bank departament direktori o‘rinbosari – To‘lavov Farruh Hamidovich, Davlat Raqobat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i – Azimov Dilshod Abduhakimjon o‘g‘li ishtirok etadi.