O‘zbekiston sudyalari tajriba o‘rganish uchun Germaniyaga borishdi

Dunyoning yetakchi mamalkatlari tajribasini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston sudyalari hamda Oliy Majlis vakillari 7-14-may kunlari Germaniyada bo‘lishdi, deb xabar qilmoqda “Jahon” axborot agentligi.

Foto: Study in Europe

Tashrif davomida ular Germaniyaning Oliy sudida, Germaniya sudlar assotsiatsiyasida, GFR sudyalar akademiyasida, Bavariya viloyatining oliy ma’muriy sudida bo‘lishdi.

O‘zbekistonlik sudyalar tashrif davomida Germaniya tajribasiga, ayniqsa sud tizimida axborot kommunikatsiya texnologiyalari qo‘llanilishiga katta e’tibor berishdi. Shuningdek turli sudlarda bir xil qoidabuzarlik uchun bir xil jazo qo‘llanilishiga ham alohida e’tibor berildi.

Germaniya tajribasini o‘rganish bilan bir qatorda, sudyalar O‘zbekiston sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar, kiritilayotgan yangiliklar haqida axborot berishdi.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi Shaxnoza Axatova ushbu tashrif haqida o‘z fikrini bildirdi.

“Ma’lumki, bizning yurtimizda sud-huquq islohotlari faol ravishda o‘tkazilmoqda. Ushbu yilning iyun oyidan boshlab ma’muriy sudlar o‘z faoliyatini boshlaydi. Sud tizimining barcha jabhalariga AKT kiritilayotgani tufayli sudyalar malakasini oshirish nazarda tutilgan. Tashrif davomida biz ushbu ishlar Germaniyada qanday tashkil qilingani haqida ko‘p foydali ma’lumotlar oldik. Uyga qaytgach ushbu tajribamizni bizning kundalik faoliyatimizga tadbiq qilish umididamiz”, — dedi sudya.

O‘zbekiston delegatsiyasining G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga safari davom etmoqda. Ayni damda delegatsiya Avstriyaga yo‘l olgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog