O‘zbekiston erkaklar jamoasi Chennay (Hindiston) shahrida o‘tkazilayotgan 44-shaxmat olimpiadasining yettinchi turida Peru terma jamoasi ustidan yirik g‘alabaga erishdi. 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:0 hisobida yakunlandi.
Peru termasining o‘rtacha reytingi (2532) O‘zbekiston jamoasidan (2606) pastroq edi.
17 yoshli grossmeyster Nodirbek Abdusattorov (2688) qora donalarda 31 yoshli Emilio Kordova (2549) ustidan g‘alaba qozondi. Bu Kordovaning turnirdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.
20 yoshli Nodirbek Yakubbayev (2620) 31-harakatida ot bilan hujum qilib, 30 yoshli Kristyan Sanchesni (2579) taslim bo‘lishga majbur qila oldi.
27 yoshli Jahongir Vohidov (2564) va 23 yoshli Brayan Ramires (2496) 51 tadan harakatni amalga oshirgan bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik shaxmatchi raqib xatosidan unumli foydalana oldi va uchrashuvni g‘alaba bilan yakunladi.
20 yoshli Shamsiddin Vohidov esa (2552) 30 yoshli Deyvi Siguenasni (2503) mag‘lub etdi.
Yettinchi tur yakunlariga ko‘ra, 12 ochko to‘plagan O‘zbekiston 188 ta jamoa ishtirok etayotgan turnir jadvalida ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Terma jamoa musobaqada hali mag‘lub bo‘lmagan beshta davlatdan biri bo‘lib turibdi.
Keyingi turda shaxmatchilar 12 ochko (6 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat) bilan 6-o‘rinda borayotgan Germaniya bilan to‘qnash kelishadi. Raqiblar bungacha Sudan (4:0), Finlyandiya (3:1), Irlandiya (2,5:1,5), Italiya (2,5:1,5), Serbiya (2,5:1,5) termalarini mag‘lub etib, Avstriyaga (1,5:2,5) imkoniyatni boy berishgan. Germaniya terma jamoasining o‘rtacha reytingi (2662) O‘zbekistonnikidan (2606) yuqoriroq.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi (1959) Serbiyaga (1736) 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Raqiblarning o‘rtacha reytingi (2297) terma jamoadan (2041) biroz yuqori edi.
21 yoshli Nilufar Yakubbayeva (2299) 22 yoshli Teodora Inyats (2372) bilan doskada faqat qirollarni qoldirib, durang o‘ynadi, 16 yoshli Umida Omonova (2195) esa 30-yoshli Erika Yovana (2271) bilan bahsda, 16 yoshli Maftuna Bobomurodova (1914) 24 yoshli Adela Velikich (2273) bilan bellashuvda murosa yo‘lini tanladi.
20 yoshli Marjona Malikova (1756) hal qiluvchi bahsda 21 yoshli Marina Gaychinga (2271) imkoniyatni boy berdi.
Terma jamoa 164 ta jamoa ichida 8 ochko bilan 45-o‘ringa tushib ketdi. Keyingi turda shaxmatchilar 67-o‘rinda borayotgan Shimoliy Makedoniya bilan dona surishadi.