O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-aprel kuni davlat tashrifi bilan Moskvaga yetib bordi.
“Vnukovo-2” aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Prezidentini Rossiya Federatsiyasi hukumati a’zolari kutib oldi, deb xabar beradi O‘zA.
Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan fikr almashadilar.
O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi chog‘ida ikki davlat Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston bilan Rossiyaning turli sohalardagi hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq hujjat imzolanishi mo‘ljallangan.
Tashrifning asosiy voqealari 5-aprelga belgilangan.