7-dekabr kuni Indoneziyaning Jakarta shahridagi “Istiqlol” jome masjidi imom-xatibi Nasaruddin Umar boshchiligidagi delegatsiya diniy idoraga tashrif buyurdi, deb xabar beradi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
Mehmonlarni din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov qabul qildi.
Muloqotda muftiy Usmonxon Alimov so‘z olib, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘p yillardan davom etib kelayotganini bildirdi.
Uchrashuvda turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov Indoneziya bilan turizm yo‘nalishida juda katta ishlar rejalashtirilgani haqida so‘zladi.
Biz O‘zbekistondagi ziyoratgohlarni ko‘rib hayratlandik va yuqoridagi gaplardan ilhomlanib, albatta, men Indoneziyadagi O‘zbekistonning turizm sohasi bo‘yicha vakili bo‘lishga tayyorman. Bizda umra safarlari ayni paytda Turkiya orqali amalga oshiriladi. Ziyoratchilar ushbu mamlakatda uch kun bo‘lishadi. Agar yurtingizni Turkiya bilan qiyoslash mumkin bo‘lsa, mamlakatingizda juda ham katta ziyorat turizmi uchun imkoniyat bor. Ayniqsa, tarixiy obidalar, osori atiqalar va tarixiy voqealarning adog‘i yo‘q.
Nasaruddin Umar, Indoneziyaning Jakarta shahridagi “Istiqlol” jome masjidi imom-xatibi