21-sentabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari maxsus bo‘linmalar o‘rtasida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun Belarus Respublikasiga jo‘nab ketdi. Bu haqda «Korrespondent.uz»ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu musobaqada Belarus Respublikasi Davlat xavfsizlik qo‘mitasining «A», Ichki ishlar vazirligining «Almaz» guruhlari, mamlakat prezidentining xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xizmat vakillari, shuningdek, xorijlik jamoalar o‘zaro bellashadi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar shahar va o‘rmon sharoitida o‘z mahoratlarini jamoaviy hamda yakka tartibda namoyish etishlari lozim. Xususan, otish mashqlarini muvaffaqiyatli bajargan ishtirokchilar, shuningdek, shartli dushman guruhining razvedkachilarini qidirib topish, asirlarni ozod etish, yaradorlarni evakuatsiya qilish kabi shartlarda alohida qo‘shimcha ballar olishi mumkin.
Ishtirokchilar hamdo‘stlik mamlakatlaridagi maxsus bo‘linmalarda xizmat ko‘rsatuvchi yuqori professionallikka ega hakamlar tomonidan baholab boriladi.
Mazkur musobaqa turli idoralarga qarashli maxsus bo‘linmalar xizmatchilarining nafaqat yuqori tayyorgarlik darajasini, balki jangovar tayyorgarlik bo‘yicha eng so‘nggi va zamonaviy amaliyotdan boxabar bo‘lish imkoniyatini taqdim etadi.
Joriy yilning 28-mart kuni O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelgan Belarus Respublikasi Mudofaa vaziri Andrey Ravkov O‘zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan suhbatda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarini Belorussiyada muntazam o‘tkazib kelinayotgan maxsus qo‘shinlar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etishiga taklif bildirgan edi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston-Belarus o‘rtasida qisqa vaqt davomida harbiy hamkorlikning huquqiy-me’yoriy bazasini kengaytirish borasida salmoqli ishlash qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va Belarus Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy akademiyasi o‘rtasida 2017-yil 20-iyul kuni Minsk shahrida hamkorlik Memorandumi tuzilgan, 2018-yilda ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida Harbiy hamkorlik rejasi imzolanib, uning doirasida tadbirlar amalga oshirilyapti.
Musobaqada O‘zbekiston Mudofaa vazirligidan 10 nafar vakil mamlakat sharafini himoya qiladi. Bahslarning asosiy qismi 24-28-sentabr kunlari Marina Gorka aholi yashash punktida joylashgan harbiy qism poligonida bo‘lib o‘tadi.