Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Hukumati delegatsiyasi 2022-yil 25-27-iyul kunlari Isroil Davlatiga ishchi tashrifni amalga oshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tashrifi davomida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Isroil Davlati Hukumati o‘rtasida Isroil Davlatining mehnat bozoridagi maxsus sektorlarda o‘zbekistonlik ishchilarni vaqtinchalik ish bilan taʼminlash to‘g‘risidagi Bitim va ushbu Bitimni amalga oshirish bayonnomasi imzolandi.
Mazkur hujjatlar tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishga qaratilgan va O‘zbekiston fuqarolarini Isroil Davlati xududida tashkiliy, xavfsiz va qonuniy mehnat olib borishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
O‘tgan yilgi Qonunchilik palatasi yig‘ilishida 1,7 million o‘zbekistonlik chet elda, asosan Rossiya va Qozog‘istonda mehnat qilayotganligi ma’lum qilingan edi.