O‘zbekiston hisob bo‘yicha 140-davlat bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatdi

Foto: “Dunyo” agentligi

Sent-Vinsent va Grenadin orollari O‘zbekiston bilan diplomatiya munosabatlari o‘rnatgan 140-mamlakat bo‘ldi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.

10-may kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston bilan Sent-Vinsent va Grenadin orollari o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike imzolandi.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjat O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov hamda Sent-Vinsent va Grenadin orollarining BMTdagi doimiy vakili Inga Ronga King tomonidan imzolangan.

Sent-Vinsent va Grenadin orollari Karib dengizi havzasining g‘arbiy qismida joylashgan davlat hisoblanadi. Mamlakat BMT faoliyatida faol ishtirok etib keladi, 2020—2021-yillarda BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi, 2018—2019-yillarda esa tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi bo‘lgan.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari doirasida birgalikdagi ishlarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqlagan. Ikki va ko‘p tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Fikr bildirish

Latest from Blog