Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya termasi U-23 Osiyo chempionati chorak finali doirasida Yaponiya termasi ustidan g‘alaba qozondi. Xitoyning Szyan’in shahrida 19-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:0 hisobida yakunlandi.
Uchrashuv Qozog‘istonda avtobusdagi yong‘inda halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlandi.
O‘zbekiston futbolchilari birinchi daqiqalardan raqibga bosim o‘tkazib, ularning harakatlanishi uchun imkon qoldirishmadi. Bosh murabbiy Ravshan Haydarov shogirdlarining shiddatdor pressingi amaldagi Osiyo chempionlarini qiyin ahvolga solib qo‘ydi; tanaffusgacha o‘zbekistonliklar uchta gol kiritdi.
Hisob o‘yinning 31-daqiqasida yarim himoyachi Javohir Siddiqov tomonidan ochildi.34 va 39-daqiqalarda Dostonbek Hamdamov va Jasurbek Yaxshiboyev hisobni yiriklashtirdi. Birinchi taymda «oq bo‘rilar» raqib darvozaga 13 marotaba zarba yo‘llagan bo‘lsa, yapon futbolchilari biror marta ham javob yo‘llamadi.
O‘zbekistonliklar yaqqol ustunlik qilganiga qaramasdan olg‘a intilishda davom etib, darvozani yana bir marta ishg‘ol eta oldi — Jasurbek Yaxshiboyev dubl qayd etdi.
23-yanvar kuni 13:00 da O‘zbekiston Janubiy Koreya-Malayziya uchrashuvi g‘olibiga qarshi o‘ynaydi.