O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti katta o‘qituvchisi 6 ming dollar pora bilan ushlandi

Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida o‘qishga kiritib qo‘yish va o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahri bo‘limi DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda fuqaro Z.I. fuqaro G‘.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 7500 dollarni olgan vaqtida ushlangan. Uning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda ushbu institut katta o‘qituvchisi B.M. fuqaro Z.I.dan 6000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Z.O‘. fuqaro I.ning qo‘shni Qirg‘izistondagi universitetidagi o‘qishini Farg‘ona davlat universitetiga ko‘chirib berishni 1500 dollarga kelishib, shundan 1000 dollarni qo‘lga kiritib, qolgan 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Fikr bildirish

Latest from Blog