Oʻzbekistonda bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilindi. Bu prezidentning 6-apreldagi qarorida koʻzda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev 2019-yil dekabrida mamlakatda 2021-yildan bekmekerlik idoralarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Ularning qonuniylashtirilishi sport, ayniqsa futbolni rivojlantirish, uning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kerak edi.
Litsenziyalarni keyinchalik tugatilgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi berishi lozim edi. Bugunga qadar huquqiy asoslar mavjud boʻlmagani sababli amalitda litsenziya berilmadi.
Hozirda 2019-yildagi farmonning bukmekerliklar bilan bogʻliq barcha bandlari bekor qilingan.
2020-yil fevral oyida Professional futbol ligasi rahbari oʻrinbosari Diyor Imomxoʻjayev bukmekerlik kontorliklarini qonuniylashtirish Oʻzbekistondan kapital chiqib ketishini kamaytirishga yordam berishini aytgandi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻsha paytda mamlakat onlayn lotereyalar va bukmekerlik idoralarining “kulrang bozori” tufayli qariyb 50 mln dollar yoʻqotayotgan edi. Prezidentning yoshlar, ilm-fan, taʻlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Abdujabar Abduvaxitov ham qonuniylashtirishni yoqlab chiqqandi.
Bosh vazir oʻrinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov ham bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirishning afzalliklari haqida bayonot berdi. “Koʻpgina oʻyinchilar boshqa mamlakatlarga sayohat qilishadi yoki xorijiy platformalarda pul sarflashadi. Biz pul yoʻqotyapmiz. Shu bois mamlakatimizdagi bukmekerlik idoralarini qonuniylashtirishimiz va bundan tushgan foydaning maʻlum foizini mahalliy sportni rivojlantirishga yoʻnaltirishimiz kerak”, — degan edi u Qozogʻistonning “Xabar 24” telekanaliga bergan intervyusida.
2021-yil sentyabr oyida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bukmekerlik faoliyatini huquqiy tartibga solish boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi. Deputat Doniyor Gʻaniyevning fikricha, pul tikish bilan faqat mamlakat rezidentlari shugʻullanishi, norezidentlarga esa mahalliy bank tizimlari orqali toʻlovlarni amalga oshirishni taqiqlash kerak. Shuningdek, u reklama va lotereyalarni ragʻbatlantirishni taqiqlashni va jismoniy shaxslar uchun garovlarning maksimal miqdorini belgilashni taklif qildi.
Yaqinda Isteʻmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Oʻzbekistonda faoliyati noqonuniyligicha qolayotgan 10 dan ortiq bukmekerlik kontorliklarining veb-saytlariga kirishni chekladi.