O‘zbekiston bir muddat tashqi internetdan uzilib qoldi. Bunday uzilish 8-noyabrda ham kuzatilishi mumkin

O‘zbekiston 7-noyabr kuni tashqi internetdan uzilib qoldi. Bu haqda, “O‘zbektelekom” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

“Pravda Vostoka Onlayn”ning yozishicha, soat 13:50 dan boshlab, UZ24 va UzNews xabariga ko‘ra, soat 14:00 dan boshlab, “Gazeta.uz” ma’lumotiga ko‘ra, soat 14:15 dan boshlab internetga ulanish imkonsiz bo‘lib qolgan. UZ24 faqat Tas-ix zonasidagi saytlarga kirish mumkin bo‘lgani haqida yozmoqda.

Ushbu nosozlik, “Gazeta.uz”, UzNews va “Pravda Vostoka Onlayn” ma’lumotiga ko‘ra, 14:40 ga qadar, UZ24’ning yozishicha, soat 14:45 ga qadar davom etgan. Nashrlarning “O‘zbektelekom”ga asoslanib xabar berishicha, mazkur uzilish “qo‘shni davlat hududidagi rejadan tashqari avariyaviy-qayta tiklash ishlari sabab” yuz bergan.

“O‘zbektelekom” noqulaylik uchun uzr so‘rab, ehtimoliy uzilishlar 8-noyabr, chorshanba kuni ham kuzatilishi mumkinligini ma’lum qildi, deb yozadi to‘rtala nashr.

E’tiborli tomoni, to‘rt nashr orasida faqat UZ24 “O‘zbektelekom” saytidagi tegishli xabarga havola bergan, biroq xabarning o‘zi saytda yo‘q (katta ehtimol bilan, o‘chirib tashlangan).

Latest from Blog