14−16-noyabr kunlari Tunisda elektroaloqa/AKT (WTIS) sohasida jahon ko‘rsatkichlari bo‘yicha Xalqaro elektroaloqa kengashi (XEK) Elektroaloqani rivojlantirish byurosining (ERB) 15-simpoziumi bo‘lib o‘tdi. Forumda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».
Mazkur anjumanda XEKning yangi «Axboriy jamiyat o‘lchovlari» hisoboti e’lon qilindi. Unda 190 dan ziyod davlatda AKTni rivojlanganlik darajasini belgilovchi so‘nggi AKTni rivojlantirish indeksi (IDI) natijalari o‘rin olgan.
Hisobotga muvofiq, O‘zbekiston 8 pog‘ona yuqorilab, endilikda AKTni rivojlantirish indeksida 95-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili O‘zbekiston 110-o‘rinni band etgan, biroq mamlakat ma’lumotlari qayta ko‘rib chiqilib, 103-o‘ringa o‘tkazilgan edi.
Natijada O‘zbekiston AKT sohasida eng jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida tan olindi.
AKTni rivojlantirish indeksi uch sub-indeksdan tarkib topgan. Ularning har biri AKTni rivojlantirish jarayonining turli qirralari va tarkibiy qismlarini o‘z ichiga oladi.