Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik tashkiloti (UNFPA) 2022-yildan “O‘zaro hamkorlik orqali Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” BMT qo‘shma loyihasini birgalikda amalga oshirishni boshladilar. Loyihaning boshlang‘ich nuqtasida chegaraoldi hududlarda iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish maqsadida o‘zaro yordam guruhlari tuzildi.
Bugungi kunga qadar loyiha doirasida jami 32 o‘zaro yordam guruhlari tashkil qilinib, BMTning loyiha tashkilotlari 2023-yilda ham ushbu guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Xususan, 2023-yil mart – sentyabr oylarida Iqtisodiy salohiyatni oshirish dasturi doirasida guruh aʼzolarining tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish va asbob-uskuna bilan taʼminlash ko‘zda tutilgan.
Bu safar asbob-uskuna bilan qo‘llab-quvvatlanadigan eng sara biznes tashabbuslarni tanlab olish uchun Namangan va Andijon shaharlarida 2023-yil 16-17-mart kunlari Pich-dek tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda o‘zaro yordam guruhlarining yetakchilari o‘z guruhlarining biznes rejalarini hakamlar hayʼatiga taqdim qildi va eng sara biznes tashabbuslar loyiha tomonidan taqdirlandi.
Tadbir doirasida Namangan viloyati Kosonsoy tumanining Xonqo‘rg‘on va Obodon mahallalari, Yangiqo‘rg‘on tumanining Do‘stlik va Qayroqi mahallalari hamda Andijon viloyati Marhamat tumanining Yo‘lamatol va Qorabog‘ich mahallalaridan ishtirok etgan 3 tadan 4 tagacha bo‘lgan guruhlarning biznes tashabbuslari hakamlar hayʼatiga taqdim etildi.
BMTning “O‘zaro hamkorlik orqali Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi BMTning Tinchlik o‘rnatish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan bo‘lib, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va BMTning Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi (UNFPA) tomonidan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyiha O‘zbekistonning Andijon va Namangan viloyatlari, Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarining chegaraoldi qishloqlarida amalga oshirilayotgan bo‘lib, chegaraorti ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Bunda tinchlik o‘rnatishning muhim agentlari sifatida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab qo‘yilgan.
Chegaroldi hududlarda iqtisodiy farovonlikning oshishi qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarning mustahkamlanishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bunda ayollar ijtimoiy faolligining oshishi va daromad olish imkoniyatlarining kengayishi muhim ahamiyat kasb etadi.