21-oktabrdan 28-oktabrga qadar Qozog‘istonda Qirg‘izistondan tovarlar olib kirishda 16 ta qoida buzilishlari qayd qilindi. Hafta davomida 100 tonna mahsulot Qirg‘izistonga qaytarildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jalik vazirligi saytida xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, 3 ta holatda mahsulotlar fitosanitariya sertifikatisiz olib kirilgan, uch marta zararkunandalar aniqlandi va qadoqlashda markirovka yo‘qligi bilan bog‘liq 10 ta holat aniqlandi.
3-noyabr kuni Korday tumanida fitosanitariya nazorati vaqtida Qirg‘izistondan olib kelinayotgan 20 tonnalik xurmo tekshirilganida zararkunandalar aniqlandi va shu sababli mahsulotlar ortga qaytarildi.
10-oktabrdan boshlab Qozog‘iston chegara nazoratini kuchaytirdi, bu o‘z navbatida o‘tish punktlarida bir necha kilometrlik tirbandlikni keltirib chiqardi. Ayniqsa, bortida tez ayniydigan mahsulotlar bo‘lgan mashinalarning haydovchilari zarar ko‘rdi. Ikki mamlakat bosh vazirlarining Ostonada bo‘lib o‘tgan muzokaralarida 19-oktabrdan boshlab yo‘lovchi transporti va qo‘lida yuki bo‘lgan yo‘lovchilarning chegaradan o‘tishi yengillashtirilishi borasida kelishuvga erishildi.
Chegaradagi nazoratning kuchaytirilishini Ostona Qirg‘izistondan kelayotgan kontrabandaga qarshi kurash bilan izohlamoqda. O‘z navbatida Bishkek Qozog‘iston tomoni “sun’iy to‘siq” o‘rnatayotganini ta’kidlamoqda.