Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jo‘mart To‘qayev shanba kuni parlament bir kun avval qabul qilgan mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Hujjat prezidentlik mandatini keyinchalik qayta saylanish huquqisiz, 7 yillik bir muddat bilan cheklaydi. Ilgari prezidentlik muddati 5 yil bo‘lib, davlat rahbari ketma-ket ikki marta saylanishi mumkin edi.
Qonun, shuningdek, Konstitutsiyaning prezident vakolat muddatiga oid normasining o‘zgarmasligini va uning saylanishini cheklashni belgilovchi o‘zgartirishni ham nazarda tutadi. Shu tariqa, mamlakat adliya vaziri Kanat Musinning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda prezident vakolatlari davriyligi yoki muddatini oshirish imkoniyati istisno qilingan.
Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton nomi qaytadan Ostona deb o‘zgartirildi. Ushbu o‘zgarish 17-sentyabrdan kuchga kiradi.
Tuzatishlar Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolatlarini qayta tayinlash huquqisiz 8 yilga oshirishni ham nazarda tutadi. Buning sababi shundaki, mustaqillik uchun sudyalarning vakolat muddati ularni tayinlovchi shaxslarning vakolat muddatidan oshib ketishi kerak.
1-sentyabr kuni Qasim-Jo‘mart To‘qayev xalqqa murojaatida prezidentlik mandatini qayta saylanish huquqisiz 7 yillik bir muddat bilan cheklashni va kuzda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni taklif qildi. Saylov ham 2022-yilning noyabridan kechiktirmay o‘tkaziladi. Parlament va maslixatlarga muddatidan oldin saylovlar esa 2023-yilning birinchi yarmida o‘tkaziladi.
Hafta boshida Qozog‘iston parlamenti deputatlari poytaxt nomini Nur-Sultondan Ostona deb o‘zgartirishni taklif qilishdi. 2019-yil mart oyida inauguratsiya paytida To‘qayev referendumsiz Ostona shahrini respublikaning birinchi prezidenti sharafiga Nur-Sulton deb nomlashni taklif qilgan edi.