Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga qishloq joylarda yangi turar joylarni qurish uchun 500 mln dollar miqdoridagi kreditni ajratishni tasdiqladi, deb xabar qildi OTB matbuot xizmati.
Foto: www.cgdev.org
Mazkur mablag‘lar qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish davlat dasturi doirasida O‘zbekistonning to‘qqizta viloyatida 29 ming yangi uylar qurilishiga yo‘naltiriladi, deyiladi xabarda.
OTB ma’lumotlariga ko‘ra, kredit mablag‘lari Qishloq Qurilish Invest injiniring kompaniyasi dasturida ishtirok etayotgan uchta bank — Ipoteka Bank, O‘zbekiston milliy banki va Qishloq Qurilish Bank tomonidan qayta moliyalashtiriladi. Dasturni amalga oshirish muddati — besh yil.
Arzon uy-joylar qurishga kiritilayotgan sarmoya aholi bandligini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatadi. OTB hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur dastur doirasida 220 ming yangi ish o‘rni yaratiladi.
2011-yilda OTB O‘zbekistonga qishloq joylarda uy-joylar qurilishini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mln dollarlik kredit taqdim etgan edi. Mazkur mablag‘lar hisobiga qishloq tumanlarda 2011—2015-yillarda 41,5 ming uy bunyod etildi.
2017−2021-yillarda O‘zbekistonning qishloq joylarida arzon uy-joylar qurish dasturi 2016-yil oxirida qabul qilingan edi. Yil so‘ngiga qadar 15 mingta yangi uy-joy va kvartiralar qurish rejalashtirilgan.