O‘zbekistonda mustaqillik yillarida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida kattagina ishlar amalga oshirildi. Ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha g‘oyat muhim dasturlar va loyihalarni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish shahar va tumanlarda, shu jumladan, qishloq joylarda suv ta’minoti holatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi.
Keyingi olti yilning o‘zidagina 13 ming kilometrga yaqin suv quvurlari va vodoprovod tarmoqlari, 1,6 mingtadan ko‘proq suv chiqarish quduqlari, shuningdek, 1,4 mingta suv bosimini hosil qiladigan minora va rezervuarlar barpo etildi hamda rekonstruksiya qilindi. Natijada, jumladan, xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va kreditlarini jalb etish hisobiga ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan ko‘pgina aholi punktlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy talablarga mos keladigan suv bilan ta’minlandi.
Shu bilan birga, ayrim mintaqalarni, eng avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashning bir qancha yechilmagan muammolari hamon saqlanib qolmoqda. Toshkent viloyatida joylashgan O‘rtachirchiq tumanida ham.
2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq 2018-yilda O‘rtachirchiq tumanidagi bir nechta Qishloq Fuqarolari Yig‘ini hududlariga ichimlik suvi olib borish rejalashtirilgan. Endilikda tuman markazi Nurafshonga o‘tib ketganidan keyin O‘rtachirchiq tumanida bu sohada deyarli hech qanday islohotlar olib borilayotgani yo‘q. Bunga tuman qishloqlarida bo‘lgan muxbirimiz guvoh bo‘ldi.
Ayni paytda Nurafshon shahri «To‘ytepa Tekstil» yaqinidagi Bahor va Navro‘z ko‘chalarida suv o‘tkazish uchun yer qazish ishlari olib borilmoqda. Biroq, shu ko‘chaga qo‘shni bo‘lgan O‘rtachirchiq tumanida qolib ketgan, Tojikovul ko‘chasida esa yer ostida tayyor, hali ham ishlashga yaroqli trubalardan bir necha yillardan buyon suv kelmas ekan. Shu hududni suv bilan ta’minlaydigan “Suvoqova”ning Chig‘iriq qo‘rg‘oni bo‘limining esa bahonasi tayyor. Aholi qarzdor. Qarzni go‘yo, mahalla ahli o‘zlari yig‘ib, o‘zlari davlat byudjetiga topshirishi kerak. U holda “Suvoqova”dagilarning vazifasi nima, deydigan odam yo‘q.
Aholi qarzlari vaqtida yig‘ib olinmagani uchun ham bugungi kunda mahallaning ichimlik suvidan debitorlik qarzi bir necha o‘n millionlarni tashkil qiladi. Natijada suvdan, pul to‘lagan ham to‘lamagan ham quruq qoladi.
Mahalla ahlining aytishicha, ayni shu hududlardan qarzdorlikni undiradigan xodim mana necha yildirki hali ham “Suvoqova”ga ishga olinmaydi. Lekin shu ish bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan xodim shtatda bo‘lishi ko‘zda tutilgan. “Suvoqova”ning bo‘limi yaqinginasida joylashgan mahalla va ko‘chalardan pul yig‘ib olinadi, biroq Tojik ovul mahallasi uzoqroq bo‘lgani uchun hech kimning bu yerdagi aholi bilan ishi yo‘q.
Aholining aytishicha, Prezident virtual qabulxonasiga yozilgan murojaat ham foyda bermagan. Murojaatdan keyin “Suvoqova”dan ikki kishi kelib, o‘ntacha xonadonga kirib aholidan “Bizga ichimlik suvi kerak emas” qabilidagi tilxatlarni yozdirib olib, qaytib ketishgan.