Oqqo‘rg‘onda IIB sobiq xodimi butun o‘zbekistonliklarni onasidan so‘kdi

Foto: Gazeta.uz

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan Oqqo‘rg‘on tumani IIB xodimiga tegishli deb izohlangan audioyozuv bo‘yicha munosabat bildirdi.

Mazkur holatni o‘rgangan IIBBning ma’lum qilishicha, audio tegishli ekani aytilayotgan fuqaro 1992 yilda tug‘ilgan A.Sulaymonov 2022 yilda tuman IIB profilaktika inspektori lavozimiga qabul qilingan. Yosh xodim ko‘p o‘tmay xizmat faoliyati davomida «o‘zini salbiy tomondan ko‘rsatganligi va noo‘rin xatti-harakatlari sababli» ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

«Ayol menga telefon qilganda mast holatda edim. O‘sha paytda men jahlim chiqib, uni har xil so‘zlar bilan haqoratladim. Nima deb so‘kkanimni, nimalar deganimni o‘zim ham bilmadim. Butun Oqqo‘rg‘on aholisidan, butun O‘zbekiston aholisidan bir umr kechirim so‘rayman, bu ishlarimdan pushaymonman», — deydi u.

Fuqaro A.Sulaymonovga nisbatan 2 oktabr kuni Oqqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi «g» bandi bilan qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi sifatida JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, «jamoatchilik nafratiga uchragan fuqaro» ayni paytda qamoqqa olingan, tergov boshlangan.

«Xalqning onasini so‘kkan «yigit»ning onasi el-yurtga murojaat bilan chiqish istagini bildirdi va uni yozib oldik. Yaqin soatlarda shu video e’lon qilinadi. Bu holatda oila qattiq tushkunlikka tushgan, otasining sog‘lig‘i og‘irlashib, uy sharoitida davolanmoqda. Ota-ona ko‘chaga chiqishga xalqdan uyalib uyida o‘tiribdi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hokimlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Oqqo‘rg‘onda odamlar yig‘ilib, so‘kingan yigitni topib berishni talab qilayapti», degan chiqishlar borasida ham izoh berdi. Unga ko‘ra, bugun tushgacha jami 35−40 nafar atrofida odam tuman ichki ishlar bo‘limiga kelib, onani haqorat qilgan fuqaroga qattiq jazo berishni so‘ragan.

«Shu o‘rinda hurmatli fuqarolarimizga, holat to‘liq nazoratga olinganligini va qonuniy tartibda chora ko‘rilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi boshqarma bayonotda.

Fikr bildirish

Latest from Blog