Oq uy O‘zbekiston fuqarolarining AQShga kirishi cheklanishi mumkinligini istisno qilmasligini bildirdi

Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni yuz bergan teraktdan so‘ng, AQSh hukumati O‘zbekistonni fuqarolari AQSh hududiga kirishi taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritishi mumkinligini istisno qilmayapti. “Kommersant” xabariga ko‘ra, bu haqda Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders ma’lum qilgan.

Foto: The Indian Express

O‘zbekiston mazkur ro‘yxatga kiritiladimi yoki yo‘q, degan savolga javob berarkan, Sanders xonim jumladan shunday dedi: “Biz hozirda bunga chorlayotganimiz yo‘q, biroq, albatta, buni istisno ham qilmaymiz”.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkdagi teraktni sodir etishda gumon qilinayotgan kelib chiqishi o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov AQShga “Grin kard” lotereya dasturi orqali kelganini ma’lum qilgan edi.

1990-yildan beri amalda bo‘lgan mazkur dastur AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini qo‘lga kiritish imkonini taqdim etadi. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda 46,7 ming kishi aynan “Grin kard” orqali immigratsiya vizalarini qo‘lga kiritgan.

Ulardan 2,4 ming nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Ta’kidlash joiz, lotereya g‘oliblari kompyuter orqali tasodifiy tanlov yo‘li bilan aniqlanadi.

Latest from Blog