O‘monda O‘zbekiston elchixonasi ochiladi


20-aprel kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekistonga ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etish uchun kelgan O‘mon Sultonligi Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Badr bin Hamad al-Busaidiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, suhbat avvalida O‘zbekistonda 22-aprel kuni nishonlanadigan O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi munosabati bilan tomonlar bir-birlarini tabrikladilar.

Uchrashuvda barcha sohalardagi hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdorligi hamda buning uchun zarur salohiyat mavjudligi qayd etildi. Ushbu masalalar O‘monning Toshkentdagi elchixonasi va tez orada Maskatda ochiluvchi O‘zbekiston elchixonasi faoliyatining asosi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

O‘zbekistan Fanlar Akademiyasi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining O‘mon moliyaviy va konsultativ ko‘magi asosida qurilib, jihozlanayotgan yangi binosi madaniy-gumanitar sohadagi ikki tomonlama samarali aloqalarning yorqin timsoli ekanligini e’tirof etildi.

Suhbat davomida xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari ham muhokama qilindi.

Shu kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-O‘mon vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi doirasida ikki tomon kun tartibining asosiy masalalari turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlashga o‘zaro qiziqish mavjudligi nuqtayi nazaridan batafsil muhokama qilindi.

Maslahatlashuvlarda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon transport koridori mexanizmlarining ishga tushirilishi nuqtayi nazaridan transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Shahriyor Turg‘unboev / TIV

Fikr bildirish

Latest from Blog