Oliy sudda nafaqa yoshidagi yetti nafar xodim o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.
Ariza bilan murojaat qilgan xodimlarning to‘rt nafari Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasidan, uch nafari esa boshqa boshqarma va bo‘limlarda ishlagan. Shu munosabat bilan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, turli boshqarma va bo‘limlarda har xil lavozimlarda (sudyalar emas) ishlagan 11 nafar xodim sudya bo‘lish istagida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Sudyalar oliy maktabiga o‘qishga qabul qilindi.
Hozirda mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlarini yosh va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotganligi ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, qonunda belgilanganidek, sudyalarni saylash (tayinlash) va ularning vakolatini tugatish masalasi Oliy sud vakolatiga kirmaydi.