Dunyo sport gimnastikasining tirik afsonasi, Olimpiya o‘yinlarining yetti karra ishtirokchisi, Barselona – 1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni Oksana Chusovitina Xalqaro gimnastika Shon-sharaf zalidan o‘rin oldi. Tantanali marosim AQShning Oklaxoma shtatida bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Foto: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati
Chusovitina bilan birgalikda Shon-sharaf zalidan shuningdek, yaponiyalik Syun Fudzimoto, amerikalik Alisiya Sakramone va rossiyalik Aleksey Nemovlar ham o‘rin egallashdi. E’tiborlisi, Oksana professional faoliyatini tugatmasdan turib Shon-sharaf zalidan o‘rin olgan birinchi gimnastikachi bo‘lib tarixga kirdi.
AQShda joylashgan Xalqaro Gimnastika Shon-sharaf zaliga bunga qadar jami 22 ta mamlakatdan 91 nafar sportchi kiritilgan bo‘lib, Chusovitinadan tashqari boshqa barcha sportchilar faoliyatlarini yakunlaganlaridan so‘ng bunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘lishgandi.
Foto: O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati
Oksana Chusovitina 2016-yil oxirida sport gimnastikasi tarixida yettita Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan birinchi ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgandi.
Faoliyati davomida Chusovitina uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni, Osiyo o‘yinlari chempionligi bilan birgalikda Barselona-1992 Olimpiya o‘yinlarida oltin, Pekin-2008 Olimpiya o‘yinlarida esa kumush medallarga sazovor bo‘lgan. Shu yilning o‘zida Oksana Baku (Ozarbayjon) va Doxa (Qatar) shaharlarida bo‘lib o‘tgan jahon kubogi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Ozarbayjon poytaxtida tashkil etilgan IV “Islom birdamlik o‘yinlari”da oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Ayni paytda sportchi o‘zining 42 yoshida joriy yilning oktabr oyida Kanadaning Monreal shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda. Unga qadar Chusovitina sentabr oyida Vengriya va Frantsiyada bo‘lib o‘tadigan va Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan jahon kubogi bosqichlarida ishtirok etadi.